Rossiyadan kelgan fuqaro O‘zbekistonga o‘qotar qurolni yashirincha olib kirmoqchi bo‘ldi. Bu haqda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 17-sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan Yekaterinburg—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaroning 1 dona yashil rangli yo‘l sumkasi tegishli tartibda tekshirildi.
Natijada sumka ichidan bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz bo‘lgan 1 dona Stalker pnevmatik to‘pponchasi hamda 860 dona o‘qlar borligi aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Sankt-Peterburg—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan xorij fuqarosiga tegishli bo‘lgan 1 dona qora rangli yo‘l sumkasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda yuklar ichidan bojxona nazorati uchun belgilangan tartibda taqdim etilmagan va ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz bo‘lgan 1 dona pnevmatik qurol va 1 dona pnevmatik quroldan otish uchun mo‘ljallangan 290 dona shariklar (zoldir) borligi aniqlangandi.
Izoh (0)