Samarqandda profilaktika inspektorini urgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
23-iyul kuni soat 17:30 larda Samarqand shahar Siyob mahallasida yashovchi shaxs “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, ko‘p qavatli uylar oldida notanish fuqarolar unga tegishli Nexia-3 avtomashinasi oynalarini sindirib, o‘zini urib, tan jarohati yetkazganini ma’lum qilgan.
Chaqiruvga asosan Oqdaryo tumani ichki ishlar bo‘limi inspektori O‘.B. voqea joyiga yetib borib, janjal qilgan fuqarolarni “Navro‘z” mahallasida joylashgan xizmat xonasiga olib boradi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida murojaat qilgan fuqaro bilan suhbatlashib turganida huquqbuzarlar — 35 va 19 yoshli yigitlar hamda 45-50 yoshlar atrofidagi ayol “nima uchun xizmat xonasiga birinchi bizni kiritmaysan, biz ham ‘102’ raqamiga murojaat qilganmiz”, deya janjal ko‘taradi.
Inspektor ishiga xalal bermay turishini, navbat bilan gaplashishini aytgan vaqtida ular xodimni haqoratli so‘zlar bilan so‘kib, xonadan chiqib ketadi. Inspektor ularga ketib qolmasligini, qolaversa, holat bo‘yicha tushuntirish xatlari olishi lozimligini aytgan vaqtida, ayol kishi kelib xodimning kiyimidan tortib qattiq haqoratlaydi. G‘azablangan ikki erkak esa shu vaqtda profilaktika inspektorini urib-tepgan va yiqitib, tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng uchala fuqaro ham o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinaga o‘tirib, voqea joyidan ketib qolgan.
Holat yuzasidan Oqdaryo tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda uch nafar gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Izoh (0)