Rossiya Ukrainaga qarshi urushda mushuklardan foydalanmoqda. Bu haqda Rossiya mahalliy nashrlari tarqatgan xabarga asoslanib, The Moscow Times xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Ukraina sharqiy frontida ruslar tomonidan qazilgan okoplar tizimida kalamushlar va boshqa kemiruvchilar ko‘paygan. Askarlar va boshqa xodimlar uchun yuboriladigan oziq-ovqat va kiyim-kechak vositalarining okoplarda saqlanishi zararkunandalarning ko‘payishiga olib kelgan.
Armiya bu yangi “ofat”ga qarshi kurashish uchun mushuklardan foydalanishga qaror qilgan. Rossiya ichkarisidagi ko‘plab ko‘ngilli fuqarolar ham kemiruvchilar bilan kurashish uchun frontga o‘z mushuklarini jo‘nata boshlagan.
“Ulug‘ Vatan urushi (Ikkinchi jahon urushi) davrida mushuklar Ermitajni saqlab qolishgan. Ayni paytda ham biz ularning yordamiga ehtiyoj sezyapmiz”, — degan Rossiyaning Tatariston Respublikasidagi harbiy-vatanparvarlik klubi rahbari Andrey Maligin.
Tataristonda “front mushuklari” deb nomlangan dastur ishga tushirilgan. Ushbu dastur aholidan qabul qilingan jonivorlarni zararkunandalar bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashgan hududlarga yuborish bilan shug‘ullanadi.
Sog‘liqni saqlash muassasalari Rossiya mudofaa chizig‘ida turgan rus askarlari orasida sichqon va kalamushlar sababli turli xavfli kasalliklar tarqala boshlaganini xabar qilgan. Nam va yomg‘irli havo sabab hozircha kasalliklarga qarshi kurashish imkoni bo‘lmayapti.
Izoh (0)