Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi “Chilonzor” metro bekati yaqinida kalamushlar yurgani aks etgan videoga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumani “Chilonzor” metro bekati yaqinida kalamushlar yurgani aks etgan video tarqaldi. Videodagi holat bo‘yicha Chilonzor tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari amalga oshirilgan.
Ushbu holatning kelib chiqishiga fuqarolar tomonidan chiqindilarni maxsus joylarga tashlamaslik sabab bo‘lgan va buning oqibatida zararkunandalarning ko‘payishiga zamin yaratilmoqda. Hududda dezinfektorlar tomonidan deratizatsiya (kemiruvchilarga qarshi zararsizlantirish) hamda dezinseksiya ishlari amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, shahar shohko‘chalarini dezinfeksiya qilish, shuningdek, irrigatsiya tarmoqlarida tozalash, chiqindilarni vaqtida olib ketish ishlari tuman obodonlashtirish bo‘limlari tomonidan olib borilishi lozim. Xususan, ko‘p qavatli uylar va tadbirkorlik shoxobchalarini zararsizlantirish ishlari dezinfeksiya tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Avvalroq Toshkentdagi supermarketda pishgan go‘sht rastasida suvarak yurgani aniqlangan edi. O‘rganishlar davomida do‘konning pastki qavatida joylashgan Xitoy restoranida oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlanishi va undan do‘konga suvaraklar kelib qolish ehtimoli mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Izoh (0)