O‘zbekistonda sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish dekriminalizatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan qonun Senat tomonidan ma’qullandi.
Senatning 10-iyuldagi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, uni maʼmuriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazishni, yarashuv institutiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlashga, mamlakatimizda kriminogen vaziyatning yaxshilanishiga hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashuv institutining taʼsir etish doirasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Deputatlar ushbu qonun loyihasini 2024-yilning may oyida uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qilgandi.
Izoh (0)