Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Inchxon xalqaro aeroporti Shimoliy Koreyadan uchirilgan chiqindi ortilgan havo sharlari tufayli xalqaro va ichki reyslarni to‘xtatdi yoki kechiktirdi. Bu haqda Korea Times xabar berdi.
Samolyotlarning uchishi va qo‘nishi 26-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 1:46 dan 4:44 gacha qoldirilgan yoki to‘xtatilgan. Qaror havo sharlari samolyot dvigatellariga kirishi mumkinligi ehtimoliga qabul qilingan. Reyslar odatdagi jadvalga muvofiq mahalliy vaqt bilan 07:00 dan amalga oshirila boshlangan.
24 va 25-iyun kunlari tunda Shimoliy Koreya janub tomon 350 ga yaqin chiqindi solingan sharlar uchirdi. Janubiy koreyalik faollar tomonidan tashviqot varaqalari Shimoliy Koreyaga tashlab yuborilishiga javoban 28-maydan beri jami oltita shunday aksiya o‘tkazilgan. Shimol uchirgan havo sharlari ichidan axlat, hasharotlar va qurtlar topilgan. Tutib olingan sharlar ichidan portlovchi yoki boshqa xavfli vositalar bo‘lmagani aytilmoqda.
Izoh (0)