Janubiy Koreya harbiylari chegarani kesib o‘tgan Shimoliy Koreya askarlariga o‘q uzgan. Bu haqda 11-iyun kuni Koreya harbiy maʼmuriyati bayonotiga asoslanib, The Korea Times nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Shimoliy Koreya harbiylari ikki mamlakat o‘rtasidagi quruqlik chegarasini 9-iyun kuni buzib o‘tgan. Janubliklarning ogohlantiruvchi o‘qlaridan so‘ng ular ortiga qaytgan.
Chegarani buzgan shimol askarlari soni 20 nafar atrofida bo‘lgan. Janubiy Koreyaning Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi ushbu xabarni tasdiqlagan.
Demilitarizatsiya zonasi atrofida yuz bergan voqea Janubiy Koreya nashrlari tomonidan jonli efirda namoyish qilingan. Keskinlik oqibatida tomonlarda jarohatlangan askarlar bo‘lmagan.
“Ular hech qanday yo‘l bo‘lmagan butazor bo‘ylab harakat qilishdi. Biz ularni demilitarizatsiya zonasiga yaqinlashmasdan oldin ham kuzatayotgandik”, — degan Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi matbuot kotibi Li Sung -Jun
Chegarani buzgan askarlarning bir qismi qurollangan bo‘lgan. Ko‘pchiligi esa ish qurollarini olib yurgan. Ular qanday maqsadda chegaradan o‘tgani aniqlanmagan.
Demilitarizatsiya zonasi dunyodagi eng kuchli qo‘riqlanadigan hududlardan biri bo‘lib, tikanli simlar bilan o‘ralgan. Zonaning har ikki tomonida yirik harbiy kontingent joylashgan.
Ushbu zona 1950-1953 yillardagi Koreya urushi sulh bilan yakunlanganidan beri ikki Koreya davlati o‘rtasida bufer zona bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu demilitarizatsiya zonasi Shimoliy va Janubiy Koreyani gorizontal ravishda ikkiga bo‘ladi.
Izoh (0)