Jizzax shahrida fuqaroni AQSHga ishlashga yuborishini aytib, Janubiy Afrikaga yuborgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jizzax shahrining “Xayrobod” mahallasida yashovchi I.M. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, o‘g‘li M.T.ni Sharof Rashidov tumanining “Xayrobod” mahallasida istiqomat qiluvchi A.Y. Amerikaga ishlashga yuborishini aytib, 14,3 ming dollar olgani, lekin farzandini Janubiy Afrikaga jo‘natganini bildirgan.
Shuningdek, arizachi o‘g‘li M.T. Afrikada chorasiz qolib ketgani, o‘z navbatida A.Y. undan vaziyatni o‘nglash uchun yana 6,7 ming dollar talab qilayotganini bayon etgan.
Mazkur murojaat asosida tezkor tadbir o‘tkazilib, 6,7 ming dollarni olgan A.Y. ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
AQSHga noqonuniy borish
AQSH—Meksika chegarasi orqali Amerikaga kirishga urinayotgan O‘zbekiston fuqarolariga 2023-yilning noyabrida ogohlantirish e’lon qilinib, unda noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQSHga qo‘yib yuborilmasligi, immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanishi ma’lum qilingandi.
O‘sha yilning dekabrida AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgan edi. 2024-yil mart oyida esa yana 74 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi noqonuniy migratsiya xavfli va serxarajat urinish ekanini bildirib, O‘zbekiston fuqarolarini odamlarni tovar sifatida ko‘radigan jinoiy guruhlar yolg‘on vaʼdalariga ishonib, jabrdiyda bo‘lishdan ogohlantirdi.
Izoh (0)