Shvetsiya hukumati 2024-2026-yillarda Ukrainaga 7 milliard dollar hajmida harbiy yordam ajratilishini maʼlum qildi. Bu haqda The Kyiv Independent nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Stokgolmdagi hukumat yangi harbiy yordam doirasida Ukrainaga 75 milliard shved kronasi ajratilishini maʼlum qilgan. Hukumat ushbu loyihani 22-may kuni rasman tasdiqlagan.
Shvetsiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlanganidan Kiyevga 100 milliard krona (9 milliard dollar) mablag‘ ajratgani xabar qilingan. Ushbu mablag‘lar fuqarolik va harbiy yordam tarzida yetkazib berilgan.
“Ukrainaning Rossiya bosqiniga qarshi kurashi davom etmoqda. Bu kurashda Shvetsiya Ukrainani qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyilgan Shvetsiya mudofaa va moliya vazirliklarining qo‘shma bayonotida.
Ukraina uchun ajratiladigan mablag‘lar mudofaa uskunalari xarid qilish uchun moliyaviy yordam paketi ko‘rinishida bo‘lishi maʼlum qilingan. Ushbu yordam qarori Shvetsiya Demokratlar partiyasi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan.
Shvetsiya mudofaa vaziri Pal Jonson aytilishicha, 2024-yildan boshlab Stokgolmning Kiyevga yillik harbiy yordami hajmi 2,3 milliard dollar atrofida bo‘ladi. Ushbu miqdorni oshirish imkoniyatlari yana ko‘rib chiqilayotgani aytilgan.
Izoh (0)