Hindiston politsiyasi 20-may kuni mamlakatda bo‘lib turgan 4 nafar Shri-Lanka fuqarosini ISHID bilan aloqadorlikda ayblab, hibsga oldi. Bu haqda Hindiston nashrlariga tayanib, Reuters manbasi xabar berdi.
Manbada keltirilishicha, 4 nafar xorijlik hind politsiyasi tomonidan Ahmadobod shahrida ushlagan. Gumondorlarni ushlash uchun maxsus aksilterror operatsiya o‘tkazilgan.
Rasmiylar Shri-Lanka fuqarolari Ahmadobod shahri aeroportida to‘xtatilganini bildirgan. Bu haqda Gujarot shtati politsiya boshqarmasi raisi Vikas Sahay xabar bergan.
“Dastlabki tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, gumondorlar Pokistonda istiqomat qilayotgan Abu ismli ISHID yetakchisi bilan aloqada bo‘lgan. Qo‘shimcha tekshiruvlar orqali jinoiy guruh ko‘lamini aniqlash davom etmoqda”, — degan Vikas Sahay.
Hibsga olinganlar Muhammad Nusrat, Muhammad Nafran, Muhammad Faris va Muhammad Rashdin ismli shaxslar bo‘lgan. Ularning barchasi Shri-Lankaning Kolombo shahridan kelgani aytilgan.
Politsiya hibsga olinganlarning shaxsiy buyumlari orasidan ISHID bayrog‘ini topgan. Ularga tegishli ikkita mobil telefondan jangari guruh bilan aloqadorlikni ko‘rsatuvchi turli fotosuratlar va videolar ham topilgan. Shuningdek, o‘qotar qurollar aniqlangani ham bildirilgan.
Sud to‘rt nafar gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Hindiston hukumati Shri-Lanka Tashqi ishlar vazirligidan hodisa yuzasidan izoh so‘ragan. Vazirlik hozircha munosabat bildirmagan.
Izoh (0)