Afg‘onistonda 9-may kuni ISHID tashkilotiga aʼzolikda ayblangan ikki nafar pokistonlik fuqaro hibsga olingan. Bu haqda Tasnim nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, dastlab “Tolibon” Mudofaa vazirligi ISHID Afg‘onistonga Pokistondan kirib kelayotgani haqida bayonot eʼlon qilgan. Keyinroq esa “Tolibon”ga yaqin “Al-Mursad” manbasi Afg‘onistonda hibsga olingan 2 nafar ISHID aʼzosi pokistonlik ekanini maʼlum qilgan va shunga aloqador videoni tarqatgan.
Videoda hibsga olingan ikki shaxs ISHID bilan aloqasini va Pokistondan kelganini tasdiqlagan. Rasmiylar mahbuslar haqida batafsil maʼlumot eʼlon qilmagan.
Xabarda aytilishicha, hibsga olinganlardan biri ISHID guruhining Xuroson tarmog‘ini moliyaviy yordam va ishchi kuchi bilan taʼminlab kelgan. Ikkinchi shaxs esa terrorchilik harakatlari targ‘iboti bilan shug‘ullangan.
“Al-Mursad” nashri hibsga olingan Enaytulloh ISHID Xuroson bo‘limining moliyaviy boshqaruvchisi Abdul Malik bilan yaqin aloqada bo‘lganini bildirgan. Guruh hukumatga yaqin qator amaldorlar bilan ishlagani va ijtimoiy tarmoqlar orqali Yevropa fuqarolarini tashkilot safiga jalb qilgani xabar berilgan.
Izoh (0)