Turkiya xavfsizlik kuchlari 14-may kuni mamlakat bo‘ylab uyushtirilgan reydlarda ISHID tashkilotiga aloqadorlikda gumonlangan 44 nafar fuqaroni hibsga oldi. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vazirligi bayonotiga asoslanib, Anadolu nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, gumondorlarning ko‘pchiligi Turkiya janubi-sharqidagi Shonliurfa va markaziy Ko‘niya viloyatlarida qo‘lga olingan. Rasmiylar ularning ISHID bilan aloqalarini o‘rganmoqda.
14-may kuni mamlakatning bir necha viloyatlarida reydlar davom etgan. Xavfsizlik xizmatlari oldindan qo‘llarida bo‘lgan asos va maʼlumotlarga tayanib, fuqarolarni hibsga olishni davom ettirgan.
ISHID (Iroq va Shom Islom Davlati) 2013-yilda Turkiya tomonidan terrorchi tuzilma deb tan olingan. Anqara hukumati ISHIDga nisbatan bunday munosabat bildirgan ilk mamlakatlardan biri hisoblanadi.
ISHID guruhi hozirga qadar Turkiya hududida kamida 10 ta xudkushlik hujumi sodir etgani aytiladi. Rasmiylar ,shuningdek, 7 ta bombali hujum va to‘rtta qurolli hujumda ham ISHIDni ayblab keladi. Terrorchi guruh uyushtirgan teraktlarda jami 300 nafardan ortiq odam halok bo‘lgani va yuzlab odamlar yaralangani taʼkidlanadi.
Izoh (0)