Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida Cobalt urib yuborgan ikki boladan biri vafot etdi. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, holat 17-may kuni Muzrabot tumani “Darband” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-110 avtomobil yo‘lining 79-kilometrida sodir bo‘lgan. 2000-yilda tug‘ilgan haydovchi M.B. o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobaltʼda tezlikni oshirib, o‘rnatilgan svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlangan.
Natijada yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga yugurib o‘tmoqchi bo‘lgan 3 nafar voyaga yetmagan boladan ikki nafarini urib yuborgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 2012-yilda tug‘ilgan R.M. olgan tan jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etadi. Qolgan ikki nafar voyaga yetmagan bolaning salomatligi yaxshi, hozirda yashash xonadonida.
Ushbu holat yuzasidan Muzrabot tumani IIB tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)