Farg‘ona viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, deb xabar beradi “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr taʼminoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Tadbirda Qo‘shtepa tumanida fuqaro X.T.ga qarashli meva va sabzavotlarni saqlash uchun tashkil etilgan muzlatkichda elektr hisoblagich sxemalari xato ulangani maʼlum bo‘lgan.
Ushbu holat bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr taʼminoti korxonasi tomonidan 716 million 429 ming so‘m miqdoridagi hisobga olinmagan elektr energiyasi qayta hisob-kitob qilingan.
Qoidabuzar isteʼmolchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.
Avvalroq poytaxtda elektr energiyasiga noqonuniy ulanib, davlat manfaatlariga 1,5 milliard so‘mlik zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Jizzaxda ikkita mayning ferma davlatga salkam yarim milliard so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgan, Toshkent viloyatida 733 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning ferma aniqlangan edi.
Izoh (0)