Shimoliy Koreya tarixda ilk bor shartli yadroviy qarshi zarba bo‘yicha taktik mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA) xabar berdi.
Mashg‘ulotlar davomida yadro kallagiga taqlid qilingan kuchli raketa snaryadlari otilgan, ular 352 kilometr masofadagi nishonga muvaffaqiyatli yetib borgan.
“Mashg‘ulotning asosiy maqsadi Shimoliy Koreya yadroviy kuchlarining ishonchliligi, murakkabligi va qudratini namoyish etish bo‘ldi. Bu dushmanlarning provokatsion harakatlari fonida ularga ogohlantirish signaliga aylandi”, — deyiladi xabarda.
Tadbirda ishtirok etgan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga ko‘ra, mashg‘ulotlarni “har qanday vaqtda, har qanday vaziyatda urushni to‘xtatish va tashabbusni qo‘lga kiritishdek muhim missiyani zudlik bilan va aniq bajarishga” qodir yadroviy qurolli kuchlar tayyorlagan.
2023-yil oxirida Kim Chen In Shimoliy Koreya AQSHning “misli ko‘rilmagan” qarama-qarshi harakatlariga qarshi turish uchun 2024-yilda urushga tayyorgarlikni tezlashtirishi kerakligini aytgandi. U Janubiy Koreyani “dushman davlat” deb atagan va bu ta’rifni KXDR konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yishga chaqirgan.
Izoh (0)