AQSH prezidenti Jo Bayden uning bedarak yo‘qolgan amakisini Yangi Gvineyadagi odamxo‘rlar yegan bo‘lishi mumkinligini aytdi va diplomatik mojaroga sabab bo‘ldi. Papua-Yangi Gvineya ular “odamxo‘rlar mamlakati” degan nomga loyiq emasliklarini bildirdi. Bu haqda Bild xabar berdi.
Bayden 17-aprel kuni Pensilvaniyadagi saylovoldi mitingida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan amakisi Embrouz Finnegan haqida gapirgan.
“U bir dvigatelli samolyotlarda parvoz qilgan, Yangi Gvineya ustidan razvedka parvozlarini amalga oshirgan. O‘sha paytda odamxo‘rlar ko‘p bo‘lgan hududda uning samolyotini urib tushirishgan. Jasad topilmagan, chunki Yangi Gvineyaning o‘sha qismida haqiqatan ham ko‘plab odamxo‘rlar bor edi”, — degan AQSH prezidenti.
Keyinchalik Oq uy prezidenti amakisining samolyoti 1944-yilda dengizda g‘oyib bo‘lganini ma’lum qilgan.
Papua-Yangi Gvineya bosh vaziri Jeyms Marape Baydenning bayonotidan g‘azablangan va uning mamlakati “bunday yorliqlarga loyiq emas”ligini aytgan. U Papua-Yangi Gvineya va Solomon orollari urush davridagi odam, samolyot va kema qoldiqlari bilan to‘lib-toshganini aytgan.
“Men prezident Baydenni Embrouz Finnegan kabi bedarak yo‘qolgan harbiylar taqdirini aniqlash uchun Oq uyni Ikkinchi jahon urushi qoldiqlarini tozalashga majburlashga chaqiraman”, — degan Jeyms Marape.
Izoh (0)