Tojikiston chegarachilari Tahor viloyatidan Navobod qishlog‘i orqali chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan yetti nafar afg‘onni otib o‘ldirdi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 9-aprel, seshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.
“Ular Tojikiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan. Tahor viloyatidan olingan maʼlumotlarga ko‘ra, bu shaxslar narkotik moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullangan. Halok bo‘lganlar Tahor va Badaxshon viloyatlari aholisidir. Qurbonlarning shaxsi hozircha aniqlanmagan”, — deyiladi xabarda.
“Tolibon” harakatining Tahordagi vakillari va Tojikiston rasmiylari hozircha bu voqeaga rasman izoh bermagan. Tahor viloyati Afg‘oniston shimoli-sharqida, Tojikiston chegarasi yaqinida joylashgan.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Asia-Plus’ga bu borada “respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga murojaat qilgan maʼqulroq” ekanini aytdi. Biroq qo‘mita bilan bog‘lanib bo‘lmagan.
Izoh (0)