O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyada xorijdan yuqori malakali shifokorlar va hamshiralarni ish bilan taʼminlashga ixtisoslashgan Triple West Medical rekruting kompaniyasi direktori Gurol Maxmut bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, suhbat davomida Britaniya tomoniga O‘zbekiston Hukumati tomonidan mehnat migratsiyasi sohasida olib borilayotgan ishlar, xorijda ishlayotgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish qaratilgan davlat dasturlari haqida batafsil maʼlumot berilgan. Mehnat muhojirlariga kasb va til o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan o‘quv hamda “Ishga marhamat” monomarkazlar faoliyati taʼkidlangan.
Britaniya tomoni O‘zbekiston hukumatining mamlakat fuqarolarini chet elga tartibli va xavfsiz ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan tizimli ishlarini yuqori baholagan.
“O‘zbekistondan oliy toifadagi shifokorlarni ishga jalb qilish uchun o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ular uchun kasbiy til ko‘nikmalarini egallashlari uchun o‘quvlarni tashkil etishga tayyormiz. Tanlovdan o‘tgan shifokorlar Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarda ish bilan taʼminlanadilar”, – degan Gurol Maxmut.
Muzokaralar yakunida Triple West Medical rekruting kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirish va tegishli davlat idoralari vakillari bilan muzokaralar tashkil etishga kelishib olingan.
Izoh (0)