Bosh prokuratura Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida arxitektura yodgorliklariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bir necha holatlarni aniqladi.
Toshkent shahridagi “U.M.” jamoat fondi mansabdor shaxslari tomonidan Chilonzor tumanidagi XVI asrga oid Abdulqosim Eshon madrasasi arxitektura yodgorligi ichki qismiga o‘zboshimchalik bilan hojatxona qurilishi va kommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazilgani aniqlangan.
Buning oqibatida yodgorlikka 65,6 million so‘m zarar yetkazilgan.
MCHJ rahbari O.A. va boshqalar tomonidan Namangan shahridagi XIX asrga oid “Sirli masjid” arxitektura yodgorligining qadimiy ganchkor uslubdagi kirish darvozasi va minorasi to‘liq buzib tashlanib, yodgorlikka 554,4 million so‘m zarar yetgani ma’lum bo‘ldi.
Fuqaro M.K. tomonidan Andijon shahridagi XX asrga oid Yunusxoji masjidi arxitektura yodgorligining 113,7 metr kub qismi buzib yuborilib, yodgorlikka 801,5 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Ushbu obyektlar arxitektura yodgorligi sifatida Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Qayd etilishicha, ayni paytda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)