Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi g‘alaba qozongan mahalliy saylovlarga munosabat bildirdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.
Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, munitsipal saylovlar turk demokratiyasining ko‘rinishiga aylandi. U “xalq irodasidan yuqori narsa yo‘q” ekanini ta’kidladi.
Natijalar qanday bo‘lishidan qatʼi nazar, bu saylovlarning g‘olibi, birinchi navbatda, bizning demokratiyamiz, xalqimiz irodasi bo‘ladi. Saylov marafonida, birinchi navbatda, nomzodlar emas, balki Turkiya, siyosiy qarashlaridan qat’i nazar, mamlakatning barcha 85 million fuqarosi g‘olib chiqdi, — dedi Erdo‘g‘on.
U saylovda ishtirok etganlarga, saylov komissiyalarining fidokorona mehnatiga va xavfsizlik kuchlariga minnatdorlik bildirdi. Turkiya prezidenti turk demokratiyasi o‘zining yetukligini yana bir bor isbotlaganini ta’kidladi.
Erdo‘g‘on so‘zining so‘nggida kelgusi to‘rt yil mamlakat uchun muhimligini aytib, samarasiz muhokamalarga vaqtni behuda sarflamaslikka chaqirdi. U demokratiyani yanada mustahkamlash, “muvaffaqiyatlarga erishish va xalqqa xizmat qilish siyosati orqali mukammallikni davom ettirish”ga chaqirdi.
Prezident Turkiyada istiqomat qiluvchi har bir fuqaroning farovonligi, xavfsizligi va kelajagiga bo‘lgan umidlarini ro‘yobga chiqarish, mamlakatning xalqaro rolini mustahkamlashdagi ishlarni davom ettirishga va’da berdi.
- Turkiyada 31-mart, yakshanba kuni munitsipalitetlar rahbarlari saylovida ovoz berish yakunlandi. Ovozlarning 100 foizini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, saylovda muxolifatdagi Respublika Xalq partiyasi g‘alaba qozondi. U 37,7 foiz ovoz oldi. Amaldagi prezidentning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi 35,5 foiz ovoz olgan. Uchinchi o‘rinni 6,19 foiz ovoz bilan “Yangi farovonlik” partiyasi egalladi.
- Shu tariqa Turkiya so‘nggi 20 yil ichida birinchi marta muxolifat hukmron partiyani mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Erdo‘g‘on barcha ovozlar sanalmasdanoq, o‘z partiyasining mag‘lubiyatini tan oldi.
Izoh (0)