Rossiya razvedkasi 19-mart kuni Fransiya tomoni Ukrainaga jo‘natish uchun 2000 nafar askardan iborat harbiy kontingent tayyorlayotgani haqida xabar berdi. Bu haqda “TASS” nashri maʼlum qildi.
Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkinga ko‘ra, Fransiya rahbariyati mamlakat aholisi va fransuz armiyasi generallari bildirgan xavotirlarga beparvolik qilib, Ukrainaga jo‘natish uchun 2000 nafar askardan iborat harbiy kontingentni shay holatga keltirmoqda. Ushbu harbiy qism yaqin orada frontga jo‘natilishi rejalashtirilgan.
“Bu kontingent Rossiya qurolli kuchlarining hujumlari uchun qonuniy ustuvor nishonga aylanadi. Bu rus dunyosiga qilich bilan kelgan barcha fransuzlarning taqdiriga daxldorlikni anglatadi”, — degan Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin.
Avvalroq Parijda bo‘lib o‘tgan Ukraina masalasidagi konferensiyadan so‘ng Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya zonasiga G‘arb quruqlik qo‘shinlarini yuborish ehtimoli haqida maʼlum qilgan edi. U, shuningdek, G‘arb davlatlari Rossiyaning ushbu mojaroda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kerak bo‘lgan narsani qilishlarini maʼlum qilgan.
Rossiya razvedkasi maʼlum qilishicha, Fransiya mas'ullari bunday katta harbiy qismni sharqiy frontga jo‘natish va uning kuchidan samarali foydalana olish borasida xavotir bildirgan. Parij rasmiylari qism Ukrainaga yetib boriboq Rossiya diqqat-eʼtibori markazida bo‘lishini maʼlum qilgan.
Izoh (0)