Moldova hukumati Dnestrbo‘yi hududida faoliyat yuritayotgan rus diplomatini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, rossiyalik diplomatning chiqarib yuborilishiga sabab Dnestrbo‘yi hududidagi so‘nggi voqealardir. 15-17-mart kunlari Rossiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi munosabati bilan rasman Moldova tarkibiga kiruvchi avtonom Dnestrbo‘yi Moldova Respublikasi hududida ham saylov uchastkalari ochilgan. Rus diplomatlari va vakillari saylov targ‘iboti uyushtirishga uringan.
Rossiyadagi saylovlar oldidan rasmiy hukumat mamlakatga qo‘shilgan Ukraina sharqidagi viloyatlar, shuningdek, Moldova sharqidagi Dnestrbo‘yi hududida ham saylov uchastkalari ochilishini maʼlum qilgan edi. Kishinyovdagi hukumat bu bayonotni Moldova suverenitetiga hurmatsizlik deb baholagan.
Aholisining asosiy qismi rus bo‘lgan, Rossiya jamiyatiga intilib yashaydigan Dnestrbo‘yi Moldova respublikasi Sovet Ittifoqi parchalanishidan ko‘p o‘tmay Kishinyovdan mustaqilligini eʼlon qilgan. Moldova amaldagi hukumatining hududni Kishinyov taʼsiriga qaytarishga urinishlari Moskvaning aralashuvini keltirib chiqardi. Hozirda hududdagi Rossiya kuchlari o‘zini mustaqil deb eʼlon qilgan hukumatning asosiy tayanchi hisoblanadi.
Izoh (0)