Prezidentning “2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”ga qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, sessiyaning Samarqand shahrida o‘tkazilishining ahamiyati haqida yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratilib, ular mahalliy va xorijiy OAVlarda efirga berib boriladi.
Shuningdek, sessiyaning “Samarqand – jahon tamaddunlari chorrahasida” kitob-albomi o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida chop etiladi. Bundan tashqari, pochta markalari va konvertlar turkumi yaratiladi, taqvimlar va ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, esdalik tangalari, kumush va oltin tangalar muomalaga chiqariladi.
Sessiya Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, YUNESKO mezonlari asosida va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda Samarqand shahrida Buyuk ipak yo‘li davlat muzeyi tashkil etiladi. Shu bilan birga, Amir Temur bog‘lari qayta tiklanadi, Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinadi.
Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazini muhofaza qilishga qaratilgan uning master va menejment rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli qarorlar loyihalari belgilangan tartibda kiritiladi.
Izoh (0)