Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida yashovchi 23 yoshli M.E. ichki ishlar organiga murojaat qilib, bank kartasidan 975 dollar miqdoridagi pul mablag‘lari nomaʼlum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Toshkent shahar, Chilonzor tumanida yashovchi 21 yoshli I.A. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan I.A. Telegram orqali M.E. bilan tanishib, unga AQSHdan hisob raqam olib berishini vaʼda qilib, aldov yo‘li bilan undan 975 dollar miqdoridagi pullarni o‘zining foydalanuvida bo‘lgan plastik kartasiga o‘tkazib olgan. So‘ngra u bilan aloqani uzib, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, yaʼni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, I.A.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)