Litva prezidenti Gitanas Nauseda G‘arb davlatlari Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasini muhokama qilishlari kerakligini aytdi. Bu haqda LRT xabar berdi.
“Men Ukrainaga missiyalar yuborish g‘oyasini mamnuniyat bilan qabul qildim va hali ham buni muhokama qilishimiz kerak, deb hisoblayman. Albatta, barchamiz bir ovozdan buning zarurligiga rozi bo‘lib, bizda mavjud razvedka va boshqa ma’lumotlarni baholasak yaxshi bo‘lardi”, — deydi u.
Nausedaning qo‘shimcha qilishicha, bu qarorda hal qiluvchi omil Moskvaning ehtimoliy reaksiyasidan qo‘rqish bo‘lishi mumkin emas.
“Shuning uchun kecha prezident Makronga ham, ommaviy axborot vositalariga ham o‘zimiz uchun qizil chiziqlar chizishni to‘xtatishimiz kerakligini aytdim. Axir bu bilan G‘arb Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yordam bermoqda, u yevropaliklarni osonlikcha manipulyatsiya qilishi mumkin deb o‘ylay boshlaydi”, — dedi Litva prezidenti.
26-fevral kuni Makron Yevropa davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvdan so‘ng Ukrainaga qo‘shin kiritilishi ehtimolini rad etmadi. U bu Kiyevni qo‘llab-quvvatlash variantlaridan biri ekanini ta’kidlagan. Makronning tashabbusi Buyuk Britaniya, Vengriya, Italiya, Slovakiya, Chexiya va Shvetsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.
Kreml bu holatda “biz Rossiya va NATO o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv ehtimoli haqida emas, balki muqarrarligi haqida gapirishimiz kerak” deya munosabat bildirdi. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborishni rejalashtirmayotganini aytdi.
Izoh (0)