Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda “O‘zbekiston 2030” strategiyasining borishi va uni joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturining ijrosi ko‘rib chiqilgan. O‘zbekistonning JSTga kirish bo‘yicha muzokaralar jarayoni doirasidagi ishlarni faollashtirish, jumladan, milliy normativ-huquqiy hujjatlarni tashkilot talablariga uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilingan.
Ichimlik suvi taʼminoti, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, onkologik kasalliklarning oldini olish, davlat xizmatida sifatni oshirish va raqobatni taʼminlash borasidagi loyihalar bo‘yicha aniq amaliy choralarni davom ettirish zarurligi taʼkidlangan.
Uchrashuvda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, jumladan, investorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish masalasiga eʼtibor qaratilgan. Shu maʼnoda maslahatchi ilg‘or xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda tijorat nizolarini hal qilishning aniq mexanizmlarini taklif etgan.
Izoh (0)