O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan birgalikda qurilish materiallari sohasida zamonaviy laboratoriya barpo etilishi maʼlum qilindi.
Xabar berilishicha, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zsanoatqurilishbank” va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya amaliy safar bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi. Koreya muvofiqlangan laboratoriyalari (KML) tashkilotida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida delegatsiya vakillari qurilish materiallari sifati hamda sinov laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Muzokaralar yakunida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Janubiy Koreya muvofiqlangan laboratoriyalari o‘rtasida sinov laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Zamonaviy laboratoriya barpo etilgach, 30 dan oshiq qurilish materiallarining 300 ga yaqin sifat ko‘rsatkichlari xalqaro standartlarda sinovdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
KML Janubiy Koreyadagi qurilish materiallari va boshqa sohalarda sinov hamda sertifikatlash xizmatlarini taklif etuvchi nufuzli tashkilot sanaladi. Uning ushbu davlatda 20 ga yaqin sinov laboratoriyasi, dunyoning 6 ta mamlakatda vakolatxonasi, shuningdek, 30 mingga yaqin mijozlari va mingga yaqin yuqori malakali mutaxassislari mavjud.
Janubiy koreyalik hamkorlar bilan uchrashuv davomida ularga mamlakatda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar, jumladan, ilg‘or laboratoriya majmualarini olib kelib, kaolin xomashyosi hamda boshqa asosiy turdagi mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berilgan.
Izoh (0)