Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari — sanoat va savdo vaziri, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya hamraisi Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, muzokaralar avvalida hukumat raisi o‘rinbosari Denis Manturov davlat rahbariga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 5—7-oktyabr kunlari Rossiyaga rasmiy tashrifi yakunida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuvda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 6,6 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 2023-yilda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, taʼlim va tibbiyot forumlarining samarali natijalari yuksak baholangan.
O‘zaro savdoning o‘sish surʼatlarini davom ettirish, kooperatsiya loyihalarini, shu jumladan joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida uchinchi bor o‘tkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi negizida yanada ilgari surish muhimligiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Izoh (0)