Qatarda josuslikda ayblanib o‘limga hukm qilingan Hindiston fuqarolari ozod qilindi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Hindiston hukumati Qatarda hibsga olingan Dahra Global kompaniyasida ishlaydigan sakkiz nafar fuqarosining ozod etilishini olqishladi. Ularning yetti nafari Hindistonga qaytgan. “Josuslar”ning Qatardagi hukmi sir saqlanmoqda va ular qanday jinoyat sodir etgani, nimada ayblangani haligacha noma’lum.
Qatar sakkiz nafar hind fuqarosining hibsga olingani, sudlangani va keyinchalik ozod etilgani haqida ochiqchasiga e’lon qilmagan. CNN Qatar rasmiylariga izoh so‘rab murojaat qilganida, ular Hindiston fuqarolari josuslikda ayblanganini aytgan edi.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ham ushbu ish bo‘yicha sud jarayonining maxfiyligini bahona qilib, ayblovlar tafsilotlarini oshkor qilmagan.
2023-yil oktyabr oyida Qatar sudi sakkiz fuqaroni o‘limga hukm qildi. Hindiston barcha erkaklarning oilalari bilan aloqada ekani va Qatar hukumati bilan hukmni muhokama qilayotganini bildirdi. Dekabr oyida vazirlik jazolar yengillashtirilgani va tez orada batafsil qaror chiqarilishini aytgan edi.
Izoh (0)