1-fevral kuni Nyu-York sudi AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimini 40 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.
CNN maʼlumotlariga ko‘ra, MRB sobiq xodimi Joshua Shulte Amerika razvedka agentligi tarixidagi eng yirik razvedka maʼlumotlarini sizdirganlikda ayblanib, 40 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U maxfiy ma’lumotlarni WikiLeaks loyihasiga uzatishda ayblangan.
Shulte Markaziy razvedka boshqarmasining Kiberrazvedka markazida kompyuter muhandisi bo‘lib ishlagan va kompyuterlardan yashirincha ma’lumot olishga qodir algoritmlarni ishlab chiqqan. 2015-yilda Shulte ishlab chiqayotgan dastur boshqa pudratchiga o‘tkazilayotgani sabab u rahbariyat bilan nizolasha boshlagan. Bir yil o‘tgach, Shulte Markaziy razvedka boshqarmasidan qasos olish uchun WikiLeaks loyihasiga o‘zi ishtirok etgan maxfiy loyiha bo‘yicha manba kodi va boshqa materiallarni yuborgan. Keyin u tizimga kirilganini bildiruvchi barcha belgilarini yashirib, izlarini yopishga harakat qilgan. Shulte 2016-yilning noyabrida MRBdan isteʼfoga chiqqan, 2017-yilning mart oyida u “sizib ketgan” maʼlumotlar WikiLeaks’da eʼlon qilingan.
2017-yilning avgustida Shulte dastlab bolalar pornografiyasini tarqatishda ayblanib hibsga olingandi. Tekshiruv davomida uning WikiLeaks bilan hamkorligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng Shulte Amerika rasmiylariga qarshi “axborot urushi” e’lon qildi va hibsga olinganidan keyin internetda maxfiy hukumat hujjatlarini nashr etishda davom etdi.
“Joshua Shulte Amerika tarixidagi eng shafqatsiz va jirkanch josuslik jinoyatlaridan birini amalga oshirib, o‘z vataniga xiyonat qildi. U Markaziy razvedka boshqarmasidan o‘ch olishga urinishi bilan milliy xavfsizligimizga behisob zarar yetkazdi”, — dedi federal prokuror Demyen Uilyams.
2022-yilda sud Shulteni mamlakat mudofaasiga oid ma’lumotlarni noqonuniy yig‘ish va uzatishda, 2023-yilda esa bolalar pornografiyasini saqlash va tarqatishda aybdor deb topdi. Prokuror Uilyamsning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimida bolalar pornosi tasvirlangan “minglab” video va fotosuratlar topilgan. U ayblovlarning kombinatsiyasi bo‘yicha hukm qilindi.