Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 52-sonli avtobus haydovchisi transportni qo‘pol ravishda boshqarishi oqibatida yo‘lovchi ayol va uning qizi tan jarohati olgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 1-avtobus saroyi filialiga biriktirilgan, saroy raqami 172-bo‘lgan 52-sonli avtobus haydovchisi A.A. yo‘lovchi tashish qoidalarini buzib, o‘ziga biriktirilgan avtobusni ehtiyotsizlik bilan boshqargan.
Haydovchi yo‘lovchilar avtobusga chiqib bo‘lmasidan avtobus eshiklarini yopishi oqibatida 2 nafar yo‘lovchi tan jarohati olgan. O‘zining xizmat vazifasini suiisteʼmol qilgani uchun haydovchi A.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
“Shuningdek, barcha haydovchilar bilan yo‘lovchilarni xavfsiz tashish va ularni o‘z manzillariga sog‘-omon yetkazib qo‘yish eng oliy maqsadimiz ekani, yo‘lovchilar bilan xushmuomalada bo‘lishlik, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish yuzasidan yana bir bor tushuntirish ishlari olib borilib, haydovchilar ustidan nazorat kuchaytirildi”, – deyiladi xabarda.