Qoraqalpog‘istonda tadbirkorga 900 million so‘mlik qurilish obyektini olib berishni va’da qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. Fuqaro I.R. “N.Q.” MCHJ rahbari A.N.ning ishonchiga kirib, unga 72 million so‘m evaziga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari yodamida Nukus shahri hududidan 900 million so‘mlik qurilish obyektini olib berishini aytib, oldindan 20 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.