Toshkent shahrida 7 ta “Hotdogger” nomli ko‘chma savdo shoxobchasi elektr tarmoqlariga noqonuniy ulangani fosh etildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
![](/static/2023/12121/photo_2024-02-01_12-11-05.jpg)
Ma’lum qilinishicha, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan. Tekshiruvlar davomida “L.S.G.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar poytaxtning Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarining aholi gavjum hududlarida 7 ta “Hotdogger” nomli ko‘chma savdo shoxobchalarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida ulab, jami 1,1 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqandda noqonuniy oltin qazuvchilar 753 mln so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lgani, Asakada elektr tarmoqlari muhandisi 13 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.