Toshkent shahar Yashnobod tumanida ichki ishlar xodimi sabab mashina yonib ketishining oldi olindi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Yashnobod tumani PPX otryadi xodimi, safdor Atabek Moshkalov xizmat avtoulovida o‘z yo‘nalishi bo‘ylab ketayotganda, supermarket oldida turgan “Volga”ning yonayotganini ko‘rib qolgan. Zudlik bilan yong‘in bo‘layotgan joyga borganida avtomashina egasi sarosimaga tushganini ko‘rgan.
Xodim tezda xizmat avtomashinasidagi o‘to‘chirgichni olib, olovga sepgan. Biroq o‘to‘chirgichdagi suyuqlik tugagan. U supermarket ishchilariga yana o‘to‘chirgichlar olib kelishini aytdi va bir nechta moslamalardan foydalanib, alangani bartaraf etdi. Mashina egasining qo‘liga shikast yetganini inobatga olmaganda, hech kimga jabr yetmagan.
“Men ishimni bitirib chiqsam, mashinamning old qismi yonayotgan ekan. Tezda kapotni ochib, olovni o‘chirmoqchi bo‘ldim. Qo‘limni kuydirib olib, nima qilishimni bilmay turganimda, ichki ishlar xodimi kelib, olovni o‘chirishga tushib ketdi. Mana shunday xodimlarning borligi, ularning jasorati tufayli, biz fuqarolar xotirjam va tinch yashaymiz. Ming rahmat, Otabekjonga”, — deydi haydovchi.
Izoh (0)