Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida bir oilaning 6 nafar a’zosi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 26-yanvar kuni soat 12:30 larda Marg‘ilon shahar “Vatan” MFYda joylashgan ko‘p qavatli uylarning biridagi xonadonda istiqomat qilib kelgan er-xotin N.M. (1967-yilda tug‘ilgan) va Z.M. (1970-yilda tug‘ilgan), ularning qizi D.I. (1994-yilda tug‘ilgan), nabiralari S.M. (2019-yilda tug‘ilgan), M. 2017-yilda tug‘ilgan) va M. (2021-yilda tug‘ilgan) Jaloliddinovlar yashash xonadonida is gazidan zaharlanib, vafot etgan.
Ko‘zdan kechirish davomida marhumlar istiqomat qilgan xonadon uch xonadan iborat bo‘lib, xonadonning yopiq ayvon (balkon) qismiga o‘rnatilgan, chet elda ishlab chiqarilgan “Vaillant” rusumli isitish qozoni (“kotyol”)dan tashqariga chiqarilgan mo‘risi qo‘lbola, polietilendan ishlangan bo‘lib, mo‘rini xonadan tashqariga chiqish qismidagi bir-biriga kirishgan joyi qizish hisobiga ochilib qolishi natijasida xonaga is gazi to‘planib qolgani maʼlum bo‘lgan.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ko‘zdan kechirishda isitish qozonidan nostandart holatda mo‘ri tashqariga chiqarilgani va natijada polietilendan ishlangan mo‘ri qizishi natijasida kirishgan joyidan chiqib ketishi oqibatida, is gazi nazoratsiz, xonadon ichkarsiga tarqalishiga sababchi bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotnomasiga ko‘ra, marhumlarning o‘limi is gazidan o‘tkir zaharlanish, o‘tkir yurak nafas yetishmovchiligi oqibatida yuzaga kelganligi aniqlangan. Hozirda tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning dekabr o‘rtalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida bir oilaning besh a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etgandi.
Izoh (0)