Filippin prezidenti Bongbong Markos mashhur Coldplay rok guruhi konsertiga xizmat vertolyotida bordi va bu tanqidlarni keltirib chiqardi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Konsert kuni Filippin poytaxti Manilada ulkan tirbandliklar yuzaga kelgan. Prezident tirbandlikda turmaslik uchun stadionga borishda xizmat vertolyotidan foydalangan. Bu ommaga ma’lum bo‘lgach, ijtimoiy tarmoqlarda davlat rahbarining nomiga tanqidlar yog‘ilgan. Jumladan, Bongbong Markos soliq to‘lovchilarning pullarini isrof qilganlikda va yo‘l tirbandligini bartaraf etmaganlikda ayblangan.
Filippin prezidenti xavfsizlik xizmati bunga o‘z munosabatini bildirgan. Unda Manila shahri Coldplay konsertiga tashrif buyurishni xohlovchilarning “misli ko‘rilmagan oqimi”ga duch kelgani, jumladan, konsertda 40 ming kishi qatnashgani ta’kidlanadi.
Bu “transportda harakatlanish bilan bog‘liq kutilmagan qiyinchiliklarni” keltirib chiqardi. Ta’kidlanishicha, tirbandlik prezident xavfsizligiga tahdid solib, uni hukumat vertolyotidan foydalanishga majbur qilgan.
Coldplay konserti kuni Maniladagi tirbandlik shu qadar yomon ediki, guruhning solisti Kris Martin sahnadan tomoshabinlarga murojaat qilar ekan, bu “dunyodagi birinchi raqamli tirbandlik” ekanini aytgan.
Izoh (0)