Filippindagi AQSH kirish huquqiga ega bo‘lgan harbiy bazalar Xitoy va boshqa davlatlarga qarshi qo‘llanilmaydi. Bu haqida Filippin prezidenti Ferdinand Markos Junior xabar qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington Pekin bilan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda Maniladan qo‘shin berishni so‘ramagan.
“Xitoy tashqi ishlar vaziri men bilan uchrashuv o‘tkazdi va men uni ishontirib aytdimki, bu harbiy bazalar Xitoyga yoki boshqa davlatga qarshi hujum qilish uchun qo‘llanilmaydi”, — dedi Markos Vashingtondagi strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidagi seminarda.
2014-yil imzolangan kengaytirilgan mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga (EDCA) ko‘ra, AQSH qo‘shinlari beshta Filippin bazasidan foydalanish huquqiga ega.
2023-yil fevral oyida Qo‘shma Shtatlar va Filippin AQSH harbiylariga Filippin hududidagi yana to‘rtta bazaga kirish huquqini berishga kelishib oldi.