Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga rasmiy tashrif bilan borishni rejalashtirmoqda. Hozircha safarning aniq sanasi noma’lum.
Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA) maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “yaqin kelajakda” Pxenyanga tashrif buyurish niyatida. Bu haqda KXDR Tashqi ishlar vazirligi rahbari Chve Son Xining rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashuvi yakunlarida ma’lum bo‘lgan.
Shimoliy Koreya delegatsiyasi Rossiya prezidentiga Kim Chen Inning Pxenyanga “o‘ziga qulay vaqtda” tashrif buyurish haqidagi shaxsiy taklifini yetkazgan.
“KXDR hukumati prezident Putinning mamlakatimizga tashrifini iliq qarshilaydi va Koreya xalqining eng yaqin do‘stini chin yurakdan kutib olishga tayyor”, — deyiladi KCNA nashri.
“TASS” xabariga ko‘ra, avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurish taklifini olganini tasdiqlagan. Ammo davlat tashrifi sanasi hali aniq belgilanmagan, diplomatik kanallar orqali kelishilmoqda.
Izoh (0)