2023-yil tom maʼnoda yirik davlatlar o‘rtasida geosiyosiy kurash yili bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki ushbu yilda uzoq vaqtdan beri davlatlar o‘rtasida uxlab yotgan konfliktlar uyg‘onib ketdi. Masalan, Venesuela qo‘shni Gayananing bir qismiga daʼvo qilib chiqdi. Isroil G‘azo sektorini o‘ziniki qilmoqchi. Albatta, bu inqirozlar dunyo iqtisodiyotiga salbiy taʼsir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
2024-yilda dunyo qanday siyosiy va iqtisodiy o‘yinlarga guvoh bo‘lishi mumkin? “Daryo” ushbu mavzuda bir qator siyosatshunoslar bilan suhbatlashdi.
– 2024 yilda Rossiya-Ukraina mojarosi qanday kechadi, urush tugashi mumkinmi?
Farhod Karimov, siyosatshunos:
– Rossiya-Ukraina urushiga 2024-yilning fevral oyida 2 yil bo‘ladi. Bu ikki tomonlama ziddiyat xalqaro darajaga o‘tib ketdi. Ukraina geosiyosiy mojarolar makoniga aylandi. Ushbu mojaroda xalqaro kuchlar ikki qismga bo‘lindi. Mana shunday murakkab vaziyatga kelib qolgan konfliktning oxiri ko‘rinmayapti. Butun dunyo 2 yil davomida Rossiya qaysi jabhalarda kuchsiz ekanligini ko‘rdi. Xuddi shunday Ukrainada ham muammolar ko‘zga tashlandi. Nazarimda, urush 2024-yilda ham davom etadi. Urush yakunlanishi uchun yechim taklif qilinishi kerak. Lekin yechim sifatida hech narsa o‘rtaga chiqqanicha yo‘q. Menimcha, bu yechim Moskvada ham, Kiyevda ham bo‘lmaydi, balki boshqa geosiyosiy markazlar tomonidan topilishi mumkin. 2024-yilda Ukraina urushi aktiv fazada emas, balki pozitsion holatda davom etadi. Yaʼni bunda Rossiya o‘zi egallab olgan hududlarni saqlab qolishga harakat qiladi. Ukraina bo‘lsa, bor hududini qo‘ldan boy berib qo‘ymaslikka intiladi.
2024-yilda Ukraina 2 ta frontda urush olib borishga majbur. Birinchi front quruqlikda bo‘lsa, ikkinchi front – Qora dengizda. Mana shunday holat va ichkaridagi beqarorlik Ukrainaga qandaydir noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Nazarimda, Rossiya ham katta hududlarni egallab ololmaydi. Chunki so‘nggi 2 oy ichida Rossiya ko‘proq siyosiy instrumentlardan foydalanishga harakat qilmoqda. Yaʼni Rossiya o‘z shartlari asosida muzokaralarga tayyor ekanligini bildirmoqda. Shu boisdan 2025-yilda Ukraina urushida passiv harakatlarni ko‘rsak kerak.
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– XX asrda urushlar biroz boshqacha ko‘rinishda yuz bergan. XXI asrdagi ilk yirik mojaro hisoblangan Ukraina urushi shuni ko‘rsatdiki, zamonaviy urushlarda odam soni muhim kasb etmaydi. Ukraina o‘zida zamonaviy artilleriya qurollariga ega bo‘lgani hisobiga biroz ustunlikka erishdi. Hozir frontda pozitsion urush kechmoqda. Menimcha, yil oxirigacha ikki davlat o‘rtasida pozitsion urush davom etadi. Na Ukraina, na Rossiya ustunlikka erisha oladi. Agar Ukraina G‘arbdan katta miqdorda F-16 samolyotlarini olsa, frontda ustunlikni qo‘lga olishi mumkin.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Men Ukraina urushiga yechim yo‘q, degan fikrga qo‘shilmayman. Urushga yechim bor, faqat bunga tomonlarning o‘zlari rozi emas. Har bir tomonning o‘z pozitsiyasi mavjud. Nazarimda, 2024-yil Ukraina-Rossiya urushi uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi. To‘g‘ri, bu yilda urush yakunlanmasligi mumkin, biroq ko‘p narsa oydinlashadi. 2024-yilda Ukrainaga taʼsir ko‘rsatuvchi bir qancha voqealar yuz beradi. Rossiya esa bundan foydalanib qolishga harakat qiladi.
Ukraina G‘arbdan F-16 samolyotlarini olgan taqdirda ham, undan foydalanish masalasi bor. Chunki ayni vaqtda Ukraina hududidagi barcha aerodromlar Rossiya tomonidan bombardimon qilingan. Agar F-16 samolyotlari boshqa davlat hududidan uchiriladigan bo‘lsa, o‘sha davlat ham urushga tortilishi mumkin. Mana shunga o‘xshagan bir qancha jiddiy muammolar bor. Balki shuning uchun F-16 samolyotlarini Ukrainaga berish masalasi ortga surib kelinayotgandir?!
– 2023-yilning oktyabr oyida Yaqin Sharq mintaqasida boshlangan mojaro xalqaro hamjamiyatni inqiroz ko‘chasiga olib kirdi. 2024-yilda ushbu mojaro qanday davom etishi mumkin?
Farhod Karimov, siyosatshunos:
– Bu mojaro yildan yilga tashqi kuchlar tomonidan murakkablashtirib kelindi. To‘g‘ri, ushbu muammoni bartaraf etish uchun xalqaro huquq nuqtayi nazardan bir qancha qarorlar qabul qilindi. Lekin bu qarorlarni ijro etish masalasi ochiq qoldi. 1993-yilda Oslo kelishuviga erishilgan edi. Bu kelishuvda asosiy masala tinchlik evaziga xavfsizlik bo‘lgan. Biroq bu kelishuv Falastinga nisbatan emas, balki Isroilga ko‘proq qo‘l keldi. Yaʼni bu kelishuv orqali Isroil o‘zining xavfsizligini taʼminlash huquqini qo‘lga kiritdi. Va buni unga butun dunyo geosiyosiy kuchlari taqdim etdi. Lekin shu joyda hech kim Falastinni eslamadi!
2024-yilda G‘azo sektoridagi mojaro hal bo‘lmaydi. Hattoki Isroil HAMASni to‘liq yo‘q qilgan taqdirda ham. Chunki bu konflikt sivilizatsion masalaga aylanib ketdi. Endi bu faqatgina 2 ta xalqning muammosi emas, geosiyosiy kuchlar mojaroni mintaqaviy va global muammoga aylantirdi. Shuning uchun G‘azo masalasini hal etish strategik yechim bo‘lmaydi. Birinchi navbatda xalqaro maydonda real ishlaydigan qonunlar ishlab chiqilishi kerak. Xo‘sh, Falastin davlati qanday bo‘ladi? Qaysi hududlarni qamrab oladi? Ikkiga ajralgan hudud qanday qilib birlashtiriladi? Isroil qanday kafolatlarni o‘z bo‘yniga oladi? Mana shunday savollar bor. Bu masalalarga 2024-yilda yechim topish oson emas.
2024-yilda G‘azo sektorida uchta ssenariy yuz berishi mumkin. Birinchisi – Isroil HAMASni butunlay qurolsizlantiradi. Ikkinchisi – G‘azo sektoridagi aholini bu yerdan chiqarib yuborish. Lekin bunga mintaqadagi musulmon davlatlar yo‘l bermaydi. Uchinchisi – G‘azoni blokada qilish. Masalan, kuni kecha HAMASning liderlaridan biri yo‘q qilindi. Bu shaxs “Hizbulloh” bilan HAMASni bog‘lovchi shaxs hisoblangan. Yaʼni Isroil shu orqali HAMASni taslim etishga harakat qiladi. Biroq bir narsani unutmaslik kerakki, bu yerda Falastin faqat HAMASdan iborat emas. Bu yerda Falastinning o‘z xalqi bor. Faqat HAMASni Falastin deb tushunish kerak emas. Shu boisdan ham mojaroning yechimi global. Menimcha, 2024-yil tugul 2025-yilda ham Falastin muammosi hal etilmasa kerak. Chunki bu yerda yirik geosiyosiy kuchlar tarafkashlikka o‘tib olishdi. Hech kim bir yechim bermayapti. Vaholanki, yechim aniq!
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– Hozirda ko‘pchilik Falastinni yaxlit davlat deb tushunmoqda. Aslida esa unday emas. 2007-yilda Falastin maʼmuriyati bir-biriga dushman bo‘lgan ikki qismga ajralib ketdi. Birinchi qismi – Iordan daryosining G‘arbiy sohilida joylashgan. U yerda Falastin xalqining 4 million aholisi istiqomat qiladi. Ikkinchi qismi – G‘azo sektori hisoblanadi. Bu yerda 2 million Falastin aholisi yashaydi va bu hudud HAMASga qarashli. Nega HAMASni dunyo terrorchi tashkilot sifatida ko‘radi? Chunki HAMAS nizomlarida jihodiy g‘oyalar bor. Xususan, ular Isroil davlatini yo‘q qilish va yahudiylarni bu hududdan quvib yuborishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bunday rejasi bor bo‘lgan guruh bilan kelishib bo‘lmaydi. Isroil mintaqaning eng qudratli davlati hisoblanadi. Shuning uchun HAMAS maydonni Fathga bo‘shatib berishi kerak. Fath bilan Isroil kelishishi mumkin. Aslida ikki o‘rtada kelishuv yuz berayotgan edi. 1993-yilda Yosir Arofat va Shimon Peres birgalikda kelishuvga erishgan.
Hozir Isroil hukumatining vazirlari G‘azo sektoridagi aholi o‘z ixtiyori bilan chiqib ketishini taʼkidladi. Albatta, bu noto‘g‘ri. Bu gapdan Isroilning eng yaqin hamkori AQSH ham qo‘rqib ketdi. Kelishuv bo‘lishi uchun Isroil ham mana shunday pozitsiyalardan chekinishi kerak.
Kuni kecha “Hizbulloh”ning eng muhim komandirlaridan biri yo‘q qilindi. Agar “Hizbulloh” o‘ldirilgan komandiri uchun qasos olish uchun Isroilga qarshi urush boshlasa, Isroilning shimoliy qismida katta muammo paydo bo‘ladi. “Hizbulloh” harbiy qudrat jihatdan HAMASdan ancha kuchli. Maʼlumotlarga ko‘ra, ularda 100 mingdan ortiq raketa bor. Hech qanday Patriot bunday miqdordagi raketalarni ushlab qola olmaydi. “Hizbulloh”ning urushga kirishida Eronning pozitsiyasi juda muhim. Kelayotgan signallarga ko‘ra, Eron bu holatga bosiqlik bilan yondashmoqda. Agar oxirgacha Eron shu pozitsiyada tursa, mojaro katta urushga aylanib ketmaydi. Lekin bir tomonning zo‘ravonligi muammoni hal qilmaydi!
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Yaqin Sharqda boshlangan mojaro G‘arbni katta dilemma oldiga qo‘ydi. Chunki tinch aholi qurbon bo‘layotganini genotsid deb atayotgan kuchlar Isroil amalga oshirayotgan ishlar oldida ojiz bo‘lib qoldi. Bu Rossiya uchun qo‘l kelmoqda. Aslida muammoga oddiy yechim bor. Falastinga mustaqillik berish kerak. Menimcha, 2024-yilda eng hal qiluvchi masala Eron bilan bog‘liq. Bayrutda amalga oshirilgan bombardimondan maqsad – “Hizbulloh”ni urushga tortish. Isroil aslida HAMAS bilan “Hizbulloh”ga baravar urush ochmoqchi edi. G‘arbning taʼsirida Isroil faqat HAMASga urush ochdi. Isroil G‘azo sektorini butunlay tozalab, o‘z hududiga aylantirmoqchi.
2024-yilda Yaqin Sharq mojarosining davom etishi dunyoda yuz beradigan voqealarga bog‘liq bo‘ladi. Nazarimda, AQSH hozirda Ukrainadan ko‘ra Yaqin Sharqqa eʼtibor qaratmoqda. Chunki AQSH Ukraina masalasida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishdi. Yaqin Sharqda Xitoy va Rossiya taʼsirini cheklash uchun Qo‘shma Shtatlar o‘z donalari surmoqda. Bu ishni eng yaqin ittifoqchisi Isroil qo‘li bilan amalga oshirmoqda. Masalan, Rossiyaning Suriyada harbiy bazasi bor.
– Bu mojaro global mojaroga aylanib ketmaydimi?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Bu narsa Eronning pozitsiyasiga bog‘liq. Hozir Eron og‘ir-bosiqlik bilan ish tutmoqda. Menimcha, Rossiyaning tajribasi unga dars bo‘lgan. Agar Eron urushga qo‘shilsa, uni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar masalasi ham bor. Lekin Eronda yuz bergan portlashlar bu masalani tobora jiddiylashtirmoqda.
Farhod Karimov, siyosatshunos:
– Eronning bu mojaroga qo‘shilmaslik ehtimoli katta. Sababi Oyatullo Xomanaiy xalqqa va armiyaga murojaat qilganida, Eron AQSH va G‘arb bilan konfrontatsiyaga bormasligini aytdi. Bu shia hilolidagi barcha siyosiy kuchlar, xususan, Hizbulloh va husiylarga tegishli. Shuning uchun Eron bu mojaroga qo‘shilib ketmaydi. Agar Eron Yaqin Sharqdagi mojarolarga qo‘shilganida, Suriyada qo‘shilgan bo‘lardi. Hozir G‘azodagi muammoni tezroq hal etish kerak. Bo‘lmasa, bu mojaro sivilizatsion mojaroga aylanib ketishi mumkin.
– 2024-yilda AQSHda prezidentlik saylovi bor. Bu saylov natijasi dunyodagi geosiyosiy jarayonlarga qanday taʼsir qilishi mumkin?
Farhod Karimov, siyosatshunos:
– To‘g‘ri, Qo‘shma Shtatlardagi prezidentlik saylov natijasi Amerikaning 5 yillik tashqi siyosat konsepsiyasiga taʼsir ko‘rsatadi. Chunki bu konsepsiyada prioritetlar belgilab olinadi. Lekin kim prezident bo‘lishidan qatʼi nazar tashqi siyosat to‘liq o‘zgarmaydi. Agar prezidentlik saylovida respublikachilar g‘olib bo‘lsa, Ukraina borasida ham, G‘azo masalasida ham o‘zgarish bo‘ladi. Afg‘oniston va Tayvan masalasi yana kun tartibiga chiqishi mumkin. Chunki respublikachilarning Tayvan masalasidagi pozitsiyasi demokratlardan mutlaqo farq qiladi. Menimcha, saylovdan keyin katta geosiyosiy o‘zgarish bo‘lmaydi.
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– Respublikachilarning Kongressdagi pozitsiyasi tufayli Ukraina, Isroil va Tayvanga berilishi kerak bo‘lgan moliyaviy yordam berilmay qoldi. Ularning asosiy talabi – Meksika chegarasiga eʼtibor qaratish hisoblanadi. Yanvar oyida Kongressning navbatdagi yig‘ilishi boshlanadi. Bu masalalar qaytadan ovozga qo‘yiladi. Agar shunda ham Kongressda respublikachilarning qo‘li baland kelsa, Ukraina, Isroil va Tayvanga berilishi kerak bo‘lgan moliyaviy yordam to‘xtab qoladi. Lekin Federal rezerv tizimining raisi Jennet Yellen “Amerikaning puli hamma barcha masalalar uchun yetadi”, deya taʼkidlabdi.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Menimcha, saylovdan ham saylov oldi jarayonlar qiziq. To‘g‘ri, kim prezident bo‘lishidan qatʼiy nazar tashqi siyosatda kardinal o‘zgarishlar sodir bo‘lmaydi. AQSH bir vaqtni o‘zida 3 ta frontda urush olib bora olmaydi. Shuning uchun qaysidir frontga asosiy eʼtibor qaratadi. Nazarimda, bu Yaqin Sharq bo‘ladi.
2024-yilda ko‘p qutbli dunyo shakllanishi uchun maʼlum bir qadamlar tashlanadi. Saylov jarayonlarni AQSHni maʼlum maʼnoda zaiflashtiradi. Chunki Amerika siyosiy elitasida inqiroz bor. Albatta, bu Qo‘shma Shtatlarning dunyo miqyosidagi geosiyosiy taʼsiriga salbiy taʼsir qiladi.
– Ayrim siyosatshunoslar 2024-yilda davlatlar o‘rtasida uyquda bo‘lgan ayrim muammolar uyg‘onib ketishi mumkin deb bashorat qilmoqda. Misol uchun, yil boshida Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Yana shunga o‘xshash mojarolar zanjir reaksiyasini yuzaga keltirishi mumkinmi?
Farhod Karimov, siyosatshunos:
– Aslida davlatlar o‘rtasidagi mojarolarning urug‘i Sovuq urush davri (1945-1991)da ekib ketilgan. 2022-yilda bu urug‘lar sekin-sekin unib chiqa boshladi. Chunki dunyoda yagona tartibot mavjud emas. Hozir barcha BMTni ayblamoqda. Lekin BMT ikki qutbli dunyo davrida yaratilgan va o‘sha davrning qonun-qoidalari asosida faoliyat olib borgan. Bugun u qanday qilib faoliyat yuritsin, axir, tartibotning o‘zi yo‘q-da. BMTni asosiy moliyalashtiruvchi davlat — AQSH. Shuning uchun BMT AQSH yuritayotgan tashqi siyosatga aralasha olmaydi.
Bugungi dunyoda yagona tartibot yo‘qligini, Ukraina va G‘azodagi mojarolarda ko‘rdik. Bundan tashqari, yuzlab davlatlar o‘rtasida ziddiyatli muammolar bor. Biz hozir zanjir reaksiyasi natijasida yuz bergan konfliktlarga guvoh bo‘lyapmiz. Bu Ukraina urushi bilan boshlab berildi. Endi bunday urushlar 2024-yilda ham yuz berishi mumkin.
Suhbatning to'liq qismini “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)