2023-yil rasman 1850-yildan beri qayd etilgan eng issiq yil bo‘ldi. O‘rtacha yillik harorat umumiy hisobda 1,48 gradusga yuqori bo‘ldi.
Olimlar insoniyat Parij kelishuvida qayd etilgan ikki chegaradan birinchisiga yetib keldi deb hisoblamoqdalar. Bundan tashqari, ular iqlim o‘zgarishining yerdagi hayot uchun halokatli oqibatlarini bashorat qilmoqdalar.
Bugun, 9-yanvar kuni Yevropa Ittifoqining Kopernik iqlim markazi tadqiqotchilari o‘zlarining yillik iqlim tahlillarini eʼlon qilib, 2023-yil 2016-yilda o‘rnatilgan avvalgi rekordni katta farq bilan yangilaganini ma’lum qilishdi.
“2023-yilning har bir kuni 1850–1900-yillardagi sanoat rivojidan oldingi darajadan 1 gradusga yuqori bo‘ldi. Deyarli har ikkinchi kun 1850–1900-yillardagidan 1,5 gradusga ko‘proq issiq bo‘ldi”, — deyiladi tadqiqot materialida.
2015-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida dunyoning deyarli barcha davlatlari bu asr davomida global haroratning ko‘tarilishini sanoat rivojidan oldingi darajadan 2 gradusgacha cheklashga, ideal holda esa 1,5 gradusga yetkazmasdan ushlab turishga kelishib olgandi.
Parij kelishuvi maqsadlariga erishish tobora qiyinlashib bormoqda. So‘nggi to‘qqiz yil sezilarli farq bilan rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ldi.
“2023-yil o‘ziga xos yil bo‘ldi. Iqlim rekordlari birin-ketin yangilandi. Aftidan, bu so‘nggi 100 ming yildagi eng issiq yil bo‘ldi”, — deya izoh berdi Kopernik markazi rahbarlaridan biri Samanta Burgess.
Izoh (0)