AQSH Kongressi Amerika prezidentlariga Senat ruxsatisiz yoki Kongressning tegishli aktisiz mamlakatni NATOdan chiqarishni taqiqlovchi tuzatishni ma’qulladi, deb yozadi The Hill.
Tashabbus mualliflari ikki senator – demokrat Tim Keyn va respublikachi Marko Rubiodir. Ular 14-dekabr kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan yillik Milliy mudofaaga ruxsat berish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga tuzatish kiritdilar. The Hill sayti AQSH prezidenti Jo Bayden Kongress tomonidan tasdiqlangan hujjatni imzolashini kutmoqda.
AQSHning avvalgi prezidenti Donald Tramp mamlakatning alyansdan chiqishi ehtimoli haqida bir necha bor gapirgan edi. U 2024-yilda bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Uning kampaniyasida aytilishicha, Qo'shma Shtatlar Tramp prezidentligi davrida boshlangan “NATO maqsadlari va missiyasini tubdan qayta baholash jarayonini” yakunlashi kerak. So‘rov natijalariga ko‘ra, Donald Tramp Arizona, Jorjiya, Michigan, Nevada, Pensilvaniya, Viskonsin, Shimoliy Karolina aholisi orasida mashhurlik bo‘yicha Jo Baydendan oldinda.
Izoh (0)