Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati katta konsultanti fuqarodan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, u muqaddam sudlangan ikki nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼatida kassatsiya tartibida ko‘rilayotgan jinoyat ishini Farg‘ona viloyat sudiga o‘tkazgan holda, ularning oqlanishiga yordam berishni vaʼda qilgan.
Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼatining sudya katta yordamchisi mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, uning apelyatsiya bosqichida ko‘rilayotgan daʼvo arizalarini sudyalar orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 6 ming dollar olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, sudya katta yordamchisi muqaddam tadbirkorning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2 ming dollar talab qilib, 600 dollar olgani ham maʼlum bo‘ldi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211-moddalari (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh (0)