Qozog‘istonning Atirau viloyati ixtisoslashtirilgan xo‘jalik sudi urushdan jabrlanganlarga gumanitar yordam ko‘rsatuvchi “Ukrainaga shon-sharaf” jamg‘armasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Qozog‘iston xalqaro byurosi xabar berdi.
Ushbu qaror bilan sud viloyat adliya boshqarmasining daʼvosini qanoatlantirdi, deb ma’lum qildi byuro.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, daʼvogar tomon jamg‘arma ustavi qonunga to‘g‘ri kelmasligini taʼkidlab, bu qoidabuzarliklar “tuzatib bo‘lmas” ekanini bildirgan.
Jamg‘arma 10-avgustda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo 25-avgust kuni Adliya vazirligi uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni bekor qilish to‘g‘risida da’vo arizasi bilan murojaat qilgan, deydi huquq himoyachilari.
Jamg‘arma rahbari Turarbek Kusainovning byuroga ma’lum qilishicha, uning tashkiloti o‘z faoliyati davrida Ukrainaga 11 ming dollarlik gumanitar yordam yig‘ib, jo‘natishga muvaffaq bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022-yil 24-fevralda Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qildi. Mart oyida Olmaotada Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishilgan miting bo‘lib o‘tdi, unda bir necha ming kishi qatnashdi. Bundan tashqari, Qozog‘istonda o‘nlab kichik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Biroq so‘nggi bir yil ichida bunday mitinglarni o‘tkazish to‘g‘risidagi barcha bildirishnomalar Qozog‘iston rasmiylarining qarshiligiga uchradi, deb ta’kidlaydi huquq himoyachilari.
Izoh (0)