AQSH va Kanada o‘rtasidagi “Kamalak ko‘prigi”da (Niagara sharsharasi hududi) avtomobil portlab ketdi. Bu haqda Federal qidiruv byurosiga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Amerikaning CNN va Fox News telekanallari ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida mashina ichida bo‘lgan ikki kishi halok bo‘lgan. Reuters agentligi esa AQSH chegara xizmatining bir nafar xodimi jarohat olganini ma’lum qildi.
FQB holat yuzasidan tergov boshlagan, ammo bir necha soat ichida uni yakunlagan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida portlovchi moddalar, terrorizmga bog‘liq biror belgilar topilmagan. Ish yo‘l-transport hodisasi sifatida Niagara-Fols shahri politsiyasiga topshirilgan.
Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokulning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi to‘rtta chegara o‘tish punkti vaqtincha yopilgan. Buffalo Niagara xalqaro aeroportida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terakt belgilari yo‘q. “Kamalak ko‘prigi” yopiqligicha qolmoqda, ammo qolgan o‘tish joylari bo‘ylab harakat tiklangan.
AQSH prezidenti Jo Bayden voqea haqida xabardor qilingan, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo vaziyatni “juda jiddiy” deb atagan.
Izoh (0)