Raqobat qo‘mitasi raisi Shohrux Shoraxmetov egallab turgan lavozimidan ozod etilishi mumkin. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda sut ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi. Sariyog‘ eksportiga cheklovni bekor qilish, sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha hukumatga topshiriq berildi.
Yirik chakana savdo tarmoqlarida sotilayotgan quruq va tabiiy sutdan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni alohida belgilash amaliyotini joriy etish, ko‘chma go‘sht-sut shoxobchalarini tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.
Yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, ulardan mahsulot pulini olishdagi muammolar, aholida mahsulot sifati va narx-navosi bo‘yicha shikoyatlar ko‘pligi Raqobat qo‘mitasi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklardan dalolat ekani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan qo‘mita raisi Shohrux Shoraxmetovning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.
Izoh (0)