Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati ko‘rib chiqildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yil 41 ta klasterda hosildorlik 40 sentnerdan oshgan bo‘lsa, 9 tasida 30 sentnerdan kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi hisobiga Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10-11 foizdan oshmayapti.
Shu bois, kelgusi yildan paxta urug‘chiligi bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi. Kelgusi yili ball boniteti past, suv og‘ir bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1 tadan tumanda 70-80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi.
Shu bilan birga, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish to‘xtatilib, ular urug‘chilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimlariga bu bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Izoh (0)