Jenevada bo‘lib o‘tgan auksionda noyob ko‘k olmos 43,8 million dollarga sotildi. Bu haqda Christie’s auksion uyi xabar berdi.
Olmosning og‘irligi 17,61 karat va u o‘zining g‘ayrioddiy rangi tufayli Bleu Royal nomini olgan. Qimmatbaho tosh qariyb 50 yil davomida shaxsiy kolleksiyada bo‘lgan va u birinchi marta kimoshdi savdosiga qo‘yilgan.
“Ushbu olmos hozirgacha topilgan eng noyob toshlardan biridir”, — deyiladi auksion uyi bayonotida.
Christie’s auksion uyi so‘nggi 250 yil ichida og‘irligi o‘n karatdan ortiq bo‘lgan bor-yo‘g‘i uchta ko‘k olmosni sotuvga qo‘ygan: 2010, 2014 va 2016 yillarda.
Bleu Royal 2023-yilda sotilgan dunyodagi eng qimmat zargarlik buyumiga aylandi. Navbatdagi onlayn-auksion 3-noyabrdan 16-noyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Unda Odri Xepbernning “Rim ta’tili” filmidagi mashhur marvarid marjonlari namoyish etiladi.
Izoh (0)