Bugun, 5-avgust kuni Turkmanistonda BMTning dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha 3-konferensiyasi tashkil etildi. Tadbir doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.

Prezident axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti va BMT rahbari uchrashuvida qator masalalar muhokama etilgan. Jumladan, global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan BMT bosh assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Antoniu Guterrishning xalqaro tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qatʼiy qo‘llab-quvvatlagan.
Muloqotda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT bosh assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Joriy yilda tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT—Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda “BMT—Ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochildi, deyiladi manba xabarida.
Qayd etilishicha, Samarqand shahrida YUNESKO bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Manbaning maʼlum qilishicha, O‘zbekiston global barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirgan. BRMga erishish nuqtai nazaridan BMT bilan hamkorlik bo‘yicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidlagan.
O‘zbekiston prezidenti BMT anjumanida nutq so‘zlab, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlash zarurligini taʼkidlagan.
Izoh (0)