Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi mojaro oqibatida 22 nafar jurnalist halok bo‘ldi. Bu haqda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sakkiz nafar OAV xodimi yaralangan, uch nafari bedarak yo‘qolgan yoki qo‘lga olingan.
CPJ’ning aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlarning 18 nafari falastinlik, uch nafari Isroil fuqarosi, bir nafar esa livanlik. Ta’kidlanishicha, G‘azo sektoridagi jurnalistlar “Isroilning quruqlikdagi, halokatli havo hujumlari, aloqa va elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab mojaroni yoritishga urinib, xavfga duchor bo‘lmoqda”.
Avvalroq Al Jazeera telekanali Yaqin Sharqda HAMAS va Isroil o‘rtasida mojaro boshlangan 7-oktyabrdan beri G‘azo sektorida qurbon bo‘lganlar soni 4 mingdan oshgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 4137 nafarga yaqin falastinlik halok bo‘lgan, 13 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Yana mingga yaqin odam (aksariyati bolalar) hamon bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Izoh (0)