Transport vaziri o‘rinbosari Ilhom Abdugafarov Janubiy Koreya aerokosmik universiteti prezidenti Hee-Young Hurr boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida sohada professional kadrlarga bo‘lgan talabning keskin ortib borayotganini inobatga olgan holda universitet bilan o‘zaro hamkorlikda o‘quv kurslarini tashkil etish masalasi muhokama etilgan.
Jumladan, Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikda Koreya aerokosmik universiteti filialini tashkil etish, davlat va xususiy sektor aviatsiya sanoati xodimlari uchun qisqa muddatli o‘quv dasturlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashilgan.
Hee-Young Hurr KAU dasturlarni ishlab chiqishi va tegishli mutaxassislar ishtirokida maxsus maʼruzalar o‘tkazishni tashkil qilish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini maʼlum qilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda milliy onkologiya markazi barpo etilishi, Toshkent viloyatida Koreya bilan hamkorlikda mis folga ishlab chiqarilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)